Toshkentdagi yirik YTH oqibatida 10 kishi jarohat oldi

20 yoshli “Lacetti” haydovchisi Bunyodkor — Baynalminal koʻchasi boʻylab katta tezlikda harakatlanayotib, boshqaruvni yoʻqotgan. Natijada qarama-qarshi yoʻlga oʻtib ketgan va uchta mashina bilan toʻqnashgan.
Toshkent shahar IIBB xabariga koʻra, YTH Chilonzor tumani Bunyodkor koʻchasida 25 dekabr toʻrtta avtomobil — “GAZ 3302”, “Damas”, “Lacetti” va “VAZ 2106” ishtirokida yuz bergan.
Maʼlum qilinishicha, YTH oqibatida “VAZ 2106” haydovchisi va uning toʻrt nafar yoʻlovchisi,”Lacetti” haydovchisi va uning uch nafar yoʻlovchisi, shuningdek, “Damas” yoʻlovchisi turli darajadagi tan jarohatlari olgan va shifoxonaga yetkazilgan.
Xabarda YTHga “Lacetti” haydovchisi, 20 yoshli T.M.ning Bunyodkor — Baynalminal koʻchasi boʻylab katta tezlikda harakatlanayotib, boshqaruvni yoʻqotgani sabab boʻlgani aytilmoqda. Mashina beton toʻsiqni oshib oʻtib, qarama-qarshi yoʻlga oʻtib ketgan va uchta mashina bilan toʻqnashgan.
Hozirda tergovoldi harakatlari davom etmoqda.
Комментарии (0)