Oʻzbekiston prezidenti yoshlarga murojaat qildi

Oʻzbekiston rahbari yoshlarga globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlarga qanday qarshi turish mumkinligi haqida maslahat bergan.
2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi, deya taʼkidlagan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvi chogʻida.
Prezident oʻz chiqishida regionlarda 8 nafar yosh avlod vakillari hokim oʻrinbosari etib tayinlanganini eslatib oʻtgan. Shuningdek, yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 9 nafar yigit-qiz saylangan, mahalliy kengashlarda gʻalaba qozonganlarning qariyb 10 %ini yoshlar tashkil etadi."Yoshlar orasida "Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta boʻlaman!", deb koʻzi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, oʻz ortidan ergashtirishning eng toʻgʻri yoʻli shaxsiy oʻrnak va namuna boʻlishdir. Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi, – deya taʼkidlagan Mirziyoyev.
Shuningdek, Oʻzbekiston rahbari yoshlarga globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlarga qanday qarshi turish mumkinligi haqida maslahat bergan. Prezident oʻzbek zamonaviy adabiyotini asoschilaridan biri - maʼrifatpar Abdurauf Fitratning "Bu dunyo kurash maydonidir. Sogʻlom tan, oʻtkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir", degan soʻzlarini yodga olgan.
Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilingan. Oʻzbekistonda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emasligi aytib oʻtilgan.
Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga koʻrsatmalar berilgan.
Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi yigʻilganlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.
Oʻsib kelayotgan avlod auditoriyasiga yoʻnaltirilgan tele- va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, "Yoshlar media xoldingi" tashkil etish taklifi ham bildirilgan.
Комментарии (0)